Farg‘onada elektr uzilishlar bo‘yicha mutasaddilarga ma’muriy ish qo‘zg‘atildi
Farg‘ona viloyat prokuraturasi hududlarda 3 soatdan 28 soatgacha elektr uzilishlari kuzatilayotganini aniqlab, elektr tarmoqlari mansabdorlariga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atdi.
Farg‘ona viloyat prokuraturasi tomonidan elektr tarmoqlari va qurilmalarini kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash, aholi va ijtimoiy soha ob’ektlariga elektr energiyasini uzluksiz yetkazib berilishining ahvoli o‘rganildi, deya xabar qildi O‘zA.
Nazorat tadbirlarida yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlarida sodir bo‘ladigan avariyalarni tezkor bartaraf etish bo‘yicha mobil guruhlar faoliyati talab darajasida tashkil ularning moddiy-texnik bazasi to‘liq tashkil etilmaganligi oqibatida viloyat hududlarida kuniga 3 soatdan 28 soatgacha elektr energiyasi yetkazib berilishida uzilishlar kuzatilganligi aniqlangan.
Quva tumanida 3 soatdan 28 soatgacha, Qo‘shtepada kuniga 3−7 soatgacha, Furqatda 9 soatgacha, Marg‘ilon shahar, Beshariq, Toshloq, O‘zbekiston, Oltiariq va Yozyovonda 4 soatgacha, Bag‘dod 3 soatgacha, Rishton, Buvayda va Dang‘arada 5 soatgacha, Uchko‘prikda 2 soatgacha uzilishlar kuzatilgan.
Viloyat prokuraturasi organlari tomonidan ushbu holatlar yuzasidan viloyat, tuman va shahar elektr tarmoqlari korxonalari mansabdor shaxslariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 198-moddasi 1-qismida (hokimiyat vakilining qonuniy talablarini bajarmaslik) ifodalangan huquqbuzarlik alomatlari bilan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atildi.