10 июля 2017

Оdam savdosi- millat kushandasi

Ona diyorimiz mustaqillikka erishgan ilk kunlaridan boshlab Yurtboshimiz boshchiligida jamiyat hayotining barcha sohalarida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirib kelinmoqda va muayyan natijalarga erishilmoqda. Tashqi dunyo bilan do‘stona aloqalarni tobora mustahkamlayotgan davlatimiz o‘z mintaqasida xavfsizlikning asosiy tayanchi vazifasini o‘tayotganini jahon hamjamiyati ham e'tirof etmoqda. Dastlabki yillardanoq bozor iqtisodiyotiga asoslangan huquqiy demokratik davlat barpo etish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish g‘oyasi ilgari surildi. Shu asosda milliy an'analarimiz, muqaddas qadriyatlarimiz va xalqaro huquq normalarini o‘zida mujassam etgan mamlakatimizning Bosh Qomusi ishlab chiqildi va uning asosida bir qator qonun va normativ huquqiy xujjatlar qabul qilindi. Shuni alohida ta'kidlash kerakki, o‘tgan qisqa davr ichida respublikamiz qonunchilik tizimida inson huquq va erkinliklari kafolatlarini ta'minlash borasida bir qator ishlar amalga oshirildi.

Bugungi davr talabi, jahon sivilizatsiyasi tezkorlik bilan rivojlanib bormoqda. Shu munosabat bilan mamlakatlararo migratsiya jarayonlari birmuncha faollashdi, fuqarolarning mehnat qilish, ta'lim olish, turizm va shu kabi turli maqsadlarda boshqa davlatlarga chiqishi, bundan tashqari turli sohalarda erkin faoliyat olib borishi uchun imkoniyatlar yanada kengaydi.

Inson huquqlari va manfaatlarini kafolatlash, ta'minlash har qanday davlatning birinchi darajali vazifalari ekanligidan kelib chiqib, huquqni muhofaza qilish hamda nazorat funksiyalarini amalga oshiruvchi barcha organlarning faoliyati, maqsadi va vazifalari qayta ko‘rib chiqildi. Bunda asosiy e'tibor inson huquqlarini himoya qilinishiga qaratildi.

Оdam savdosi- millat kushandasi

 XXI asrning dastlabki yillari ilm-fan, texnika va axborot texnalogiyalar rivojining shiddatli tus olganligi, axborot almashinuvi tizimining tubdan takomillashganligi bilan insoniyat tarixida o‘ziga xos davr bo‘ldi. Bu jarayonlarda dunyo mamlakatlari xalqaro munosabatlarda mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlash, iqtisodiy, ijtimoiy, ilm-fan, ta'lim sohalarida hamkorlik qilish, umuminsoniy qadriyatlar bilan bog‘liq muammolarni birgalikda hal etishga alohida e'tibor qaratmoqdalar.

Buning natijasida ijobiy o‘zgarishlar bilan bir qatorda, afsuski, keyingi vaqtlarda ayrim transmilliy jinoyatlarning ortib borishi ham kuzatilib kelinmoqda. Bu g‘oyat achinarli xol ekanligini ta'kidlamay ilojimiz yo‘q. Garchi qo‘pol eshitilsada, odam savdosi ana shunday transmilliy jinoyatlardan biri sifatida yurtimizni ham chetlab o‘tmadi.

Odam savdosi – inson, uning sha'ni, qadr-qimmati, osoyishta turmushi hamda kelajagiga tahdid solayotgan transmilliy uyushgan jinoyatchilik ko‘rinishlaridan biri bo‘lib, o‘zining chegara, hudud, irq, millat, jins tanlamasligi hamda o‘z girdobiga asosan yoshlarni va ayollarni tortayotganligi bilan butun dunyo ahlida katta tashvish va xovotir uyg‘otmoqda.

Aytish joizki, odam savdosi dunyodagi ko‘pchilik mamlakatlarda mavjud bo‘lib, hal etishning yagona – odam savdosining oldini olish, o‘ziga xos sabablarini aniqlash, bartaraf etish, uning oqibatlarini imkon qadar yengillashtirish, mazkur jinoyat turidan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish va odam sotish bilan bog‘liq jinoiy faoliyatning milliy qonunchilik tizimida huquqiy asoslarini yaratishdan iborat.

Bugungi kunda dunyo miqyosida insonlarning kamsitilishi, ularning huquqlarini tan olmaslik va poymol qilish odam savdosi bo‘yicha jinoyatlarning ko‘plab sodir etilishiga olib kelmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, jinoyatchilikning ushbu ko‘rinishiga qarshi kurashni yanada kuchaytirishni, yuzaga kelish sabablarini aniqlashni, ularning oldini olishni, o‘zaro hamkorlikni xalqaro miqyosda aniq yo‘nalishlar orqali kuchaytirishni talab etadi.

Insonlarni ulug‘lash, ularning huquq va erkinliklari himoyasini ta'minlash asosiy qadriyatlarimizga aylangan ushbu davrda, bu singari mudhish illat noqonuniy qurol savdosi, giyohvandlik vositalarining g‘ayriqonuniy muomalasi kabi og‘ir oqibatlarni keltirib chiqaradi. Bu borada ommaviy axborot vositalari, televidenie va radio kanallarida, internet saytlarida tinimsiz bong urib turli chiqishlar qilib kelinmoqda. Ana shunday insonlarni ogohlikka, hushyorlikka chaqirayotgan chiqishlarning ko‘pligiga qaramasdan hali hanuz odamlar aldanib qolishmoqda, birovlarning aldov va xiylalariga osongina ishonib, mo‘may daromad topish, katta boylik orttirish ilinji ularning fikru xayolini shu qadar band etgan-ki, hatto yon atroflaridagi ko‘ngilsizliklar, ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan qabih jinoyatlarning ortib borayotganligiga ham e'tibor bermay, xorijliklarning "yengil” hayotiga mahliyo bo‘lib qolishmoqda.

So‘nggi yillar ichida dunyoning aksariyat mamlakatlarida davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib qolgan odam savdosi muammosiga qarshi kurashish keng ko‘lamda olib borilmoqda. Odam savdosiga qarshi kurashishda aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida ushbu illatning xavfi va oqibatlari haqida tushuntirish ishlarini olib borish, fuqarolarni bu boradagi huquqiy savodxonligini oshirish, vaziyatdan ogoh etish hamda habardorligini ta'minlash muhim ahamiyat kasb etadi. Shu munosabat bilan 2008 yilning 17 aprelida "Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilindi. Ushbu qonunni to‘laligicha qo‘llab-quvvatlash va mazmunan boyitish, undagi chora-tadbirlarni aniq belgilab beruvchi yana bir huquqiy hujjat 2008 yil 8 iyuldagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-911-son qarori qabul qilindi. Hujjatlarda inson manfaatlari va uning haq-huquqlarini himoya qilish maqsadida asosan odam savdosidan jabr ko‘rgan kishilarlarga yordam berish va ularni himoya qilish, ushbu masalalar yuzasidan ixtisoslashtirilgan muassasalarni tashkil etishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar belgilab qo‘yilgan. Barcha insonlar o‘z qadr-qimmati va huquqlarida erkin va teng huquqli bo‘lib tug‘iladilar.

Ushbu qoida BMT ning 1948 yilda qabul qilingan – "Inson huquklari umumjahon deklaratsiyasi”da, bir qator xalqaro huquqiy hujjatlarda hamda, belgilab qo‘yilgan bu hujjatlarda ko‘tarilgan masalalar milliy qonunchiligimizda to‘laligicha o‘z aksini topgan. Qabul qilingan qonun va qarorlarning ijrosi va mazmun mohiyatini aholi vakillari, ayniqsa mamlakatimiz kelajagi bo‘lgan yoshlarga batafsil ma'lumot berib borish ular o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish maqsadida Respublika ma'naviyat targ‘ibot markazining mintaqaviy-hududiy bo‘limlari, xotin-qizlar qo‘mitasi, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati bilan hamkorlikda mamlakatimizning barcha hududlarida, mahalla va qishloq fuqarolar yig‘inlarida, ta'lim muassasalarida mutaxassislar ishtirokida keng qamrovli ma'naviy-huquqiy mavzularda davra suhbatlari, uchrashuvlar uyushtirib kelinmoqda. Shu bilan bir qatorda axolilarga hayotiy misollar bilan boyitilgan videolavhalar ham namoyish etilmoqda. Makkor kimsalarning hiyla va nayranglariga aldanib qolgan yurtdoshlarimizning ayanchli taqdirlari to‘g‘risida hikoya qiluvchi tele ko‘rsatuvlar, radio eshittirishlar, davriy matbuotlardagi tinimsiz chiqishlarni taxlil etish va ulardagi muammolarni sodir bo‘lmasligi ham mumkinligini yoshlarimiz ongiga singdirish bugungi kunning dolzarb muammolaridan hisoblanadi. Albatta bu harakatlar yoshlarni ogohlikka, hushyorlikka undashi tabiiy.

Masalan yevropa hayoti bizning turmush tarzimizga "Ommaviy madaniyat” illati orqali qanchalar tez va shiddat bilan kirib kelayotgan bo‘lsa, shunchalik tez va oson ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan jinoyatlarning sodir etilishi ham ko‘payib bormoqda. Ota-bobolarimizdan qolgan ibratli hikmatlarning chuqur ma'no va mazmun kasb etishi qadim-qadimdan ayon. Masalan, "Har yerni qilma orzu, har yerda bor toshu tarozu”, kabi hikmatlarning bugungi kundagi hayotimizga nechog‘li mos kelayotganligini payqab olishimiz qiyin emas.

Odam savdosi – insonlarning erkinligi, tengligi va shaxsiy dahlsizligiga putur yetkazadi. Ularni turli xo‘rlik va kamsitishlarga duchor etadi. Odam savdosi deb atalgan ushbu jinoiy faoliyat ortida majburiy mehnat, qullik, majburiy donorlik, harbiy to‘qnashuvlarda foydalanish, fohishabozlik kabi turli ishlar bilan shug‘ullanishga majburlash bizning milliy ma'naviyatimizga mutlaqo yot bo‘lgan qabih qilmishlar yotadi.

Bugun, jinoiy uyushmalar uchun odam savdosi serdaromad manba bo‘lib xizmat qilmoqda. Xalqaro ekspertlarning baholashicha, dunyo bo‘yicha odam savdosidan tushadigan yillik daromadlar tahminan 7 milliard AQSh dollaridan ham oshib ketmoqda. Yana bir narsani afsus bilan ta'kidlab o‘tishimiz lozimki, statistika ma'lumotlariga qaraganda keyingi o‘n yillik ichida dunyoda "odam savdosi” bozori va unga bo‘lgan talab kundan-kunga katta-tezlikda ortib bormoqda. Dunyoda odam savdosi bilan bog‘liq vaziyatlar tahlili bu boradagi ahvolning hamon jiddiyligicha qolayotganligini ko‘rsatmoqda. Masalan BMTning ma'lumotlariga ko‘ra, dunyoda har yili taxminan 2 mln. 700 mingta shaxs odam savdosi atalmish "Qora bozor”ning qurboniga aylanishmoqda. Har yili 600 mingdan 800 mingtagacha ayollar va bolalar aldov yo‘llari bilan chet ellarga olib chiqilib, sotib yuborilmoqda.

Mamlakatimiz o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritganidan so‘ng, tadbirkorlik va xususiy biznesga keng yo‘l ochildi. Xorijiy davlatlar bilan iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy sohalarda keng ko‘lamli hamkorlik shartnomalari imzolandi. Yurtimiz fuqarolarining xorijiy mamlakatlarga bemalol chiqishlari uchun imkoniyat va yetarli shart-sharoitlar yaratildi. Afsuski, ayrim nobakor kimsalar bunday shart-sharoit va imkoniyatlardan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanib, sodda va ishonuvchan kishilarimizni turli firibgarlik yo‘llari aldov va quruq va'dalar bilan chet davlatlarga olib chiqib ketishga urunmoqdalar. Afsuski buning oqibatida yurtdoshlarimiz ham "Odam savdosi” deb atalgan jirkanch "Qora bozor”ning "haridorgir mahsuloti”i qurboniga aylanib qolishmoqda.

Odam savdosining oldini olish uchun keng jamoatchilik bilan hamkorlikda targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishni yanada jadallashtirish, mahallalarda faoliyat ko‘rsatayotgan jamoatchilik vakillari va xotin-qizlarning ijtimoiy muhofazasi, ularning huquklari himoyasini ta'minlash ishlarini yanada kuchaytirish lozimligi qayta-qayta ta'kidlab o‘tilmoqda. Bu muammo bugungi kunning eng og‘riqli nuqtalaridan biriga aylanib qolganligini keng jamoatchilik vakillari, ayniqsa katta hayotga endi kirib kelayotgan yoshlarimizga aniq misollar bilan sodda va tushunarli qilib yetkazib berish nafaqat mutasaddi tashkilotlar yoki shaxslarning vazifasi, balki bu ish sizu-bizning, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining majburiyati, qolaversa, har bir kishining insoniylik burchi hisoblanadi.

А.Husanov,

Jizzax shahrida joylashgan chegara

qo‘shinlariga qarashli harbiy qism xarbiy xizmatchisi


dle 10.2 скачать , Быстрый торрент трекер КиноСвин рунета

Ўхшаш янгиликлар:

Jizzaxda odam savdosiga qarshi kurashishda ijtimoiy sheriklik mavzusida mintaqaviy seminar bo’ldi

Jizzaxda odam savdosiga qarshi kurashishda ijtimoiy sheriklik mavzusida mintaqaviy seminar bo’ldi
2015 yilning 16  dekabr kuni  Jizzaxda    "Odam savdosiga qarshi kurashda hokimiyat va nodavlat notijorat tashkilotlarinining ijtimoiy sherikligini amalga oshirish 

Qora bozordagi “Ajal”

Qora bozordagi  “Ajal”
Birlashgan Millatlar  Tashkiloti  tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda narkobiznes savdosidan tushadigan daromad yiliga taxminan 400 milliard AQSH dollarini

Odam savdosi — inson erkinligiga tahdid

Odam savdosi — inson erkinligiga tahdid
 Bugungi kunga kelib xalqaro terrorizm, narkotraffik va odam savdosi singari transmilliy jinoyatlarning inson xavfsizligiga xuruj qilayotgani bois, ulardan jabr chekayotganlar, afsuski,