04 июня 2016

To‘g‘rilik, ezgu tilak - Zoir akaga tirgak!

"O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan transport xodimi”

Zokirov Zoir Tojiboevich bilan suhbat

Yo‘llar... yo‘llar... o‘ziga xos sir-sinoati, mashaqqati va zavqi bor ularning. Manzili aniq, kechmishi ko‘p yo‘llar turli tasodiflarga boy. Shuning uchun bo‘lsa kerak, u bizga nimadandir saboq beradi, o‘rgatadi va manzilimiz sari eltadi. Yo‘llar turlicha: avto yo‘l, tog‘ yo‘li, yer osti yo‘li va hokazo...

Yo‘lovchilarni, mamlakatimizning chet davlatlari bilan aloqalarini yaxshilashda ko‘makdosh tranzet yuklarni manzilga yetkazishda kamarbastalik qilayotgan temir yo‘llari - mamlakatimizning qon tomiri, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

1994 yil 7 noyabrda ishga tushgan "O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik jamiyatining yurtimiz taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasi beqiyos.

Jarayon nimadan boshlanadi?

Darhaqiqat, atrofdagilar uchun oddiy bo‘lib ko‘ringan temir yo‘l qatnovi bir muncha murakkab bosqichlarni o‘z ichiga oladi. Dastavval tabiat hodisalari va turli baxtsiz tasodiflarni oldini olish maqsadida yozgi kuzgi va bahorgi ko‘riklar amalga oshiriladi. Yiliga ikki marotaba "O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik jamiyatining tekshiruvchi xodimlari tomonidan temir yo‘l sistemasi to‘liq tekshiriladi. Temir yo‘l tizimi, yo‘ldagi izlarning sog‘lomligi, aloqa tizimi, temir yo‘l ehtiyot qismlari holati ko‘zdan kechirilib, xulosalar chiqariladi. Hamma vaqt bu tizim nazorat ostida bo‘lishi temir yo‘l sistemasidagi odatiy jarayondir. Qatnov oldidan amalga oshiriladigan bosqich eng asosiysi bo‘lib, u qatnovning sifatli va yaxshi amalga oshishini ta'minlaydi.

 

To‘g‘rilik, ezgu tilak - Zoir akaga tirgak!

 

Mehnat daftarchasidagi yagona sana bilan

 Qahramonimiz Zoir aka Zokirov hayotining asosiy qismi shu yo‘llar qurshovida o‘tgan. Temir yo‘llarning past balandi, texnik jarayon va poezd uzra taralayotgan tovushlar unga yaxshi tanish. Yurtimizdagi temir yo‘l sohasida qurilish ishlarida jonbozlik ko‘rsatayotgan Zoir aka kasbining haqiqiy fidoiysi, jafokashi.

1984 yil 19 oktyabr... Zoir aka bu sanani unutmasligining sababi bor. Chunki uning mehnat daftarchasida faqat shu sanaga ko‘zingiz tushadi. Shu choqqacha o‘z kasbiga sadoqat bilan yondashib, uning mashaqqatlaridan ko‘z yummagan temir yo‘l ustasining bu sohaga kirib kelishiga oyisi Nuriya opa sababchi bo‘lgan. Temir yo‘l sohasida uzoq yillar xizmat qilgan oyisining taklifi mehnatkash, samimiy yigitga ma'qul keladi. Shahrimizdagi Jilli-G‘ulli mahallasidagi 24 maktabni bitirgach u Samarqand temir yo‘llari kasb-hunar kollejiga o‘qishga kiradi. O‘qishni bitirgach, o‘zi sevgan kasb sari olg‘a borib, ish faoliyatini temir yo‘l sozlovchisi vazifasidan boshlaydi. Ayni paytda u "O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik jamiyatining Jizzax temir yo‘l masofasi yo‘l ustasi vazifasida ishlab kelmoqda.

Zoir aka ish mobaynida turli yumushlarga duch keladi. Bir kuni yo‘l relizlari almashtirilsa, boshqa kunda shpallar ko‘zdan kechiriladi yoki yo‘llardagi nosozlik bartaraf etiladi. Doimo bir hil ish qilinmasligi va turli holatlarga duch kelishning o‘zi ham kishiga zavq bag‘ishlaydi, deydi yo‘l ustasi.

Butun O‘zbekiston bo‘ylab

Kasbi taqozosi bilan Zoir aka yurtimizning barcha viloyatlarini kezib chiqqan. Baland Boysun tog‘ yonbag‘rilarida qurilgan temir yo‘lda, Navoiy-Uchquduq-Miskent, Angren-Pop yo‘nalishlarida temir yo‘llar qurilishida ustaning beminnat hissasi bor. Shu o‘rinda aytish joizki, ayni paytda Toshkent-Vodiy yo‘nalishida 19 km.600 metrlik yopiq tunel qurilishi yakunlanib qoldi. Tez orada vodiyga yuk yo‘lovchi poezdlar ishga tushishi sohadagi katta voqyealardan biri bo‘ladi.

"Mashaqqatsiz kasb bo‘lmaydi. Avvalo inson o‘z ishiga o‘zining havasi uyg‘onsa, keyin boshqalar havasini uyg‘ota oladi. Kasbni insonning o‘zi qadrlasa, uning mehnatlari boshqalar tomonidan qadrlanadi. Ko‘p yillar buyon temir yo‘llar bilan hamrohman. Bu yo‘llar insonga matonat va sabrni o‘rgatadi. Bu yo‘llarning o‘ziga xos hikmati ham bor. Hyech qachon kasbimdan keta olmaganman. Bunga kasbga nisbatan uyg‘ongan mehrdan o‘zga sabab yo‘q. Ba'zida qiyinchiliklar bo‘lganida chidaganmiz, o‘rganishdan qochmaganmiz. Inson o‘z kasbini sevsagina, uning koriga yaray oladi”, deydi qahramonimiz.

Otameros fazilatlar talaygina

Zoir akani ko‘plab yaxshi odatlari qatorida birini alohida ta'kidlash mumkin. U biror ishni boshlasa, birovlarning fikriga quloq solib qarorini o‘zgartirmaydi. Aksincha, boshlagan ishi sari dadil harakatlanadi va uni nihoyalaydi. Uning barcha ezgu fazilatlari otameros desak yanglishmaymiz. Zoir akaning otasi rahmatli Tojiboy bobo chapdast, haqiqatgo‘y va halol inson edi. Ko‘p yillar qishloqda mexanizator bo‘lib ishlagan Tojiboy ota to‘g‘riso‘zlikni hamisha qadrlagan. Uning to‘g‘ri gapni odamning yuziga aytadigan odati, halollik, to‘g‘rilik va rostgo‘ylik borasidagi nasihatlari farzandlar tarbiyasiga ularning qon-qoniga singib ketgan.

Zoir aka uch qiz bir o‘g‘ilning otasi. Qizlari tikuvchilik, tarbiyachilik, iqtisodchilik sohalarida yurtdoshlarimizga beminnat xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Kenja o‘g‘il Sunnatbek ayni paytda 9 sinf o‘quvchisi. "Bittayu bitta o‘g‘il bo‘lib, sizning kasbingizni davom ettirmasam uyat bo‘ladi, deya maqsadni aniq qo‘ygan, shu kezlarda Samarqand temir yo‘l kasb-hunar kollejiga hujjat tayyorlayotgan o‘g‘lining shijoati otani behad suyuntiradi.

El ichra e'zozda

Yurtimizda o‘z mehnati, jafokashligi bilan el koriga yaragan, uning dardi bilan yashagan insonlar hamisha e'zozda, hukumatimiz e'tiborida.

Temir yo‘l sohasidagi mehnatlari, jamoasi oldidagi na'munali hulqi, fidokorona xizmatlari tufayli Zoir Tojiboevich 2010 yil "Shuhrat” medaliga sazovor bo‘ldi. Mustaqilligimizning 24 yilligi munosabati bilan temir yo‘l sohasida fidokorona xizmat qilgan 9 nafar xodimlar "O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan transport xodimi” unvoniga sazovor bo‘ldi. Ular orasida Zoir Tojiboevich ham bor. Bu xushxabarni dastlab "O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik jamiyati Jizzax temir yo‘l masofasi boshlig‘i Xamroev Mirsharofdan eshitgan edi. Ha, yurtimizda kamtarona mehnati, insoniyligi bilan qadr topgan, el e'zozida bo‘lgan fidoiy insonlar talaygina. Ularning hayot yo‘li ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlod vakillari uchun ibrat vazifasini o‘taydi.

Tajribali yo‘l ustasi Zoir akadan ayni paytda O‘ktam Abdurasulov, Jasur Fayzullaev, Nuriddin Doniyorov singari o‘nlab shogirdlari kasb sirlarini o‘rganib o‘z faoliyatlarini davom ettirmoqdalar.

Joriy yilning 5 iyun sanasida Zoir aka 54 yoshni qarshilaydilar. Tavallud ayyomi arafasida biz samimiy inson, farzandlarga mehribon ota, oilada sevimli yor, shogirdlarga tayanch tog‘ bo‘la olgan Zoir Zokirovga baxt-saodat, ulkan zafarlar tilab, farzandlar kamolini ko‘rish nasib etsin, hamisha el ardog‘ida yashang, deb qolamiz.

Ma'mura YOQUBOVA


dle 10.2 скачать , Быстрый торрент трекер КиноСвин рунета

Ўхшаш янгиликлар:

Umr fayzi, saodati mehnat bilan

Umr fayzi, saodati mehnat bilan
Jizzax shahridagi «Oqqo‘rg‘onlik» mahallasida istiqomat qilayotgan Marat ota bilan Mo‘‘tabar ayani ko‘pchilik taniydi. Uzoq yillardan buyon birgalikda umrguzaronlik qilayotgan Zokirovlar oilasi

XITOY, QIRG'IZISTON VA O'ZBEKISTON TEMIR YO'LI BILAN BOG'LANADI

XITOY, QIRG'IZISTON VA O'ZBEKISTON TEMIR YO'LI BILAN BOG'LANADI
 2016 yilda «Xitoy-Qirg'iziston-O'zbekiston» temir yo'li qurilishini boshlash rejalashtirilmoqda, deya qayd etdi Qirg'iziston bosh vaziri Temir Sariev «Birinchi radio» jamoat

Jizzaxda yo’llar ravonlashmoqda

Jizzaxda yo’llar ravonlashmoqda
"O‘zavtoyo‘l” davlat aksiyadorlik kompaniyasi respublikamizda sohaga mas'ul tashkilot sifatida ulkan bunyodkorlikka, yirik xalqaro yo‘llardan tortib, kichik mahalla ko‘chalarigacha bo‘lgan qurilish