03 июня 2016

ERTA TURMUSH – KELTIRAR TASHVISH

Oila – inson tug‘ilib, voyaga yetadigan muqaddas makon, farzandlarning unib-o‘sadigan bo‘stoni. Oila - ikki yoshning nikohga kirishishidan boshlanadi…

Noila endigina 15 yoshda. Balog‘at ostonasida turgan qizning hali o‘qishga kirib yetuk mutaxassic bo‘laman degan niyatlari bor edi. Oq qorani bilmagan, anglamagan qizaloqqa sovchilar kela boshladi. Oyisi Inobat opaning aytishicha, ular yaxshi oila, kuyov bo‘lmish toparmon tutarmon ekan. Mahalla maslahatchisi, qo‘ni qo‘shnilarning aytganlariga parvo qilmagan er-xotin bir oy ichida to‘yni o‘tkazib yuborishdi. Ro‘zg‘or yumushlarini eplay olmagan qiz o‘qishga kirish niyatidan voz kechdi.

Bir kuni sinfdosh dugonalar bayram munosabati bilan yig‘iladigan bo‘lishdi. Hali ko‘ngli bola bo‘lgan, yoshliq zavqi uni tark etib ulgurmagan qiz o‘tirishga bordi. Qaynonasiga aytib ketib atigi yarim soatda o‘tirishdan qaytgan kelin bu haqida eriga aytmaganligi uchun undak dakki eshitdi. Oradan 5 oy o‘tib, uning homilasi nobud bo‘lganligi haqidagi xabar kelinchakni butunlay esankiratib qo‘ydi. Hayotdan, turmushidan batamom sovugan erta turmush oqibatida baxtsiz bo‘lgan qizaloq-ku hali g‘o‘r. Ammo o‘z farzandining taqdiriga befarq qaragan ota-ona, keng uyimga kelin tushiraman, nabiralarimningi rohati ko‘raman degan qaynona va qaynota yoshi kattalarning nojo‘ya qarori bir inson taqdiriga nisbatan qilingan jinoyat bilan teng emasmi?

Oila kodeksining 15-moddasiga binoan nikoh yoshi erkaklar uchun o‘n sakkiz yosh, ayollar uchun o‘n yetti yosh etib belgilangan. Ammo ba'zi ota-onalar farzandining baxtidan ko‘ra, o‘zlarining orzu-havaslarini ustun qo‘yib, qizlarini erta turmushga berib, o‘g‘illarini esa barvaqt uylantirmoqdalar. Dabdabali to‘y qilishni ko‘zlagan ayrim ota onalar o‘z farzandi qo‘ngliga quloq solishsa, nur ustiga nur bo‘lar edi. Lekin o‘sha hoyu havasga berilgan ota-onalar nabiralarining jiddiy nuqson bilan tug‘ilishiga, buning oqibatida, o‘g‘illari yoki qizlarining bir umr nogiron bolasiga termulib o‘tishiga yoxud ko‘p o‘tmay ajrashib, yuz ko‘r­maslik darajasigacha yetishlariga zamin yaratayotganlarini xayollariga ham keltirishmaydi. Vaholanki, nikoh yoshiga yetmagan qiz va yigit farzand ko‘rishga to‘liq tayyor bo‘lmaydi. Erta turmush qurishning mevasi sanalgan go‘daklar esa aksariyat hollarda nogiron tug‘ilishi fan va tibbiyotda qayta-qayta isbotlangan.

Shuning uchun o‘tgan yili bunday salbiy holatlarga huquqiy jihatdan chek qo‘­yildi. Aniqrog‘i, 2013 yil 30 apreldagi"O‘z­be­kis­ton Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘z­gartish va qo‘­shim­chalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, qizlarni erta turmushga berish, yigitlarni barvaqt uylantirganlik uchun ma'muriy va jinoiy javobgarlik belgilandi. Mazkur yangilikka muvofiq, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga 473-modda kiritildi. Shunga binoan, nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan haqiqatda nikoh munosabatlariga kirishish — eng kam oylik ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan nikoh yoshiga yetmagan shaxsni erga berish yoxud uylantirish — eng kam oylik ish haqining yetti baravaridan o‘n besh baravarigacha, nikoh yoshi­ga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirish — eng kam oylik ish haqining o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Umuman olganda, gap bu borada ma'muriy va jinoiy javobgarlik belgilangani yoki jazoning og‘ir yoxud yengilligida emas, balki o‘sha huquqbuzarlik va jinoyatning qanday tuzatib bo‘lmas darajadagi ayanchli oqibatlarga olib kelishini teran anglab yetishda. Zero, oila mustahkamligi nikohning qonuniyligi, ota-onaning mas'uliyati, qolaversa, farzandlarning har jihatdan sog‘lom va barkamol insonlar etib tarbiyalanishiga bog‘liq.

 Abdurauf Fitrat "Oila” kitobida oila qurish bo‘sag‘asidagi yoshlar to‘rt narsaga: mol, nasab, husn va imon-u e'tiqodga e'tibor qaratishlari zarurligini ta'kidlaydi. Bu o‘rinda :

"mol” – ro‘zg‘or tebratish uchunetarli mablag‘ning bo‘lishi;

"nasab” – nasliy kasalliklarning bo‘lmasligi va ijtimoiy mavqe, saviyadagi tenglikka tayanish;

"husn” – er-xotinning o‘zaro mos bo‘lishi;

"imon” – ma'naviy pok va axloqli bo‘lishni anglatadi.

Oila qurishga chog‘lanayotgan er-kak va ayol ana shu to‘rt masalada mos tushishi va shundagina ularning turmushi baxtli, nasli pok bo‘lishi uqtiriladi.

 Darhaqiqat, farzand ota-onaning ko‘z quvonchi, hayot shamchirog‘ini yoquvchi, avlodlari davomchisi hisoblanadi. Shu sabab har bir ota-ona bolasining baxtli, saodatli bo‘lishi, hayoti mazmunli o‘tishini o‘ylaydi va shu yo‘ldaelib-yuguradi. Ammo ba'zi ota-onalar o‘zlari bilib-bilmay farzandlari hayotiga rahna solib, ularning sog‘ligi va ruhiy holati yomonlashishiga sabab bo‘ladilar. Jumladan, hali oila qurishga tayyor bo‘lmagan yigit va qizni turmush qurishga majburlash ortidan turli ko‘ngilsizliklar kelib chiqadiki, bu haqida quyida to‘xtalib o‘tamiz.

Mutaxassislarning fikricha, yigit-qizlarning turmush qurishyoshi oila mustahkamligiga ta'sirko‘rsatuvchi asosiy omillardan biridir. Afsuski, ayrim ota-onalar ko‘pincha farzandining kelajak taqdiri, baxt-saodati haqida o‘ylamay, hali balog‘at yoshigaetmagan qizini uzatish yoki qarindoshimning qizi begona bo‘lmasin, deb o‘g‘il uylantirish taraddudiga tushadi. Buning oqibatida qizlarni o‘n olti, hatto undan kichik yoshda turmushga uzatib yuborish hollari uchrab turadi. Ammo bu ko‘p hollarda bo‘lg‘usi onaning salomatligi va ruhiyatiga, qolaversa, yosh oilaning mustahkamligi, tug‘ilajak farzandning sog‘lomligiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi.

Mutaxassislar tomonidan aniqlanishicha, 16-18 yoshlarda ona bo‘lish bir qator muammolarni keltirib chiqaradi. Ya'ni, homiladorlik va tug‘ruqlar jismonan og‘irroq kechishidan tashqari, bolani parvarishlash, unga ruhan moslasha olmaslik kuzatiladi. Ko‘p hollarda qizlarning 15-17 yoshdagi homiladorligi, ongli ravishda tayyor bo‘lmasdan turib, astoydil istalgan homiladorlik bo‘lmaydi. Bola tug‘ilishi bilan oilaviy muammolar ham paydo bo‘ladi. Bu yoshdagi qiz farzandidan ko‘ra ko‘proq dugonalariga qiziquvchan bo‘ladi. Binobarin, erta homiladorlik yosh ona hamda bo‘lajak farzand uchun har tomonlama xavflidir.

Nikoh qurish eng birinchi navbatda farzand ko‘rishdek murakkab fiziologik jarayonlar bilan aloqador bo‘lgani sabab juda erta turmush qurish bepushtlik, bolaning oy-kunietmay tug‘ilishiga, shuningdek, homila noto‘g‘ri rivojlanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Ilmiy ma'lumotlarga ko‘ra, qizlar va yigitlar deyarli 20 yoshdan keyingina anatomik va fiziologik jihatdan butunlay kamolotgaetadilar (bu hozirgi holat, avvallari boshqacha bo‘lgan). Tibbiy jihatdan 17 yoshli qizlarga ta'rif beradigan bo‘lsak, ularda fiziologik rivojlanish oxirigaetmagan va tos suyaklari hali rivojlanish bosqichida bo‘ladi. Shu davrda homiladorlik ro‘y bersa, homila rivojlanishi, tug‘ruq jarayoni juda og‘ir o‘tadi. Bola chala, vazni kam, nuqsonlar bilan tug‘ilishi mumkin. Shuningdek, bola sog‘lom tug‘ilgan taqdirda ham uni parvarishlash og‘irlik qiladi.

Ayol qancha yosh bo‘lsa, homiladorlik davridayoq turli patologiyalar, jumladan, kamqonlik, kuchli toksikoz, yo‘ldoshetishmovchiligi, suyaklar tizimida salbiy o‘zgarishlar ko‘p uchrashi kuzatiladi.

Erta tug‘ruq ostonasidagi kelin quyidagi salbiy holatlarga, qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin:

– homilaning erta tushish xavfi;

– ayol organizmida barqarorlashmagan gormonal holatning yuzaga kelishi;

– noturg‘un asab tizimi asoratlari;

– toksikoz og‘ir kechishi;

– ekstragenital kasalliklarning avjiga chiqishi (buyrak, endokrin kasalliklar, kamqonlik);

– gipertenziv holatlar (qon bosimining o‘zgaruvchanligi) paydo bo‘lishi ehtimoli kuchayadi;

– homila suvining ortishi yoki kamayishi;

– tug‘ruq davrida, tug‘ruq faoliyatida sustlik ko‘proq uchraydi va uni davolashda medikamentlar hamda jarrohlik usullaridan foydalanish ko‘proq talab etiladi (bunday asoratlar yosh onalar orasida o‘lim holatining oshishiga sabab bo‘lishi mumkin);

– keyinchalik vaznning ortib ketishi;

– bachadon bo‘yni saratoni, yurak-qon tomir kasalliklariga chalinish ehtimoli ortadi.

Yuqorida erta turmushning tibbiy zararlari haqida fikr yuritildi. Bundan tashqari, buning ruhiy, ma'naviy zararlari ham borki, bular katta hayotga endi qadam qo‘yayotgan yoshlarning hayotdan bezib qolishiga, eng achinarlisi, oilalarning buzilishiga sabab bo‘ladi.

Farzandimiz bizning baxtu kamolimiz, kelajak avlodimiz davomchilari. Sog‘lom onadan sog‘lom farzand dunyoga keladi. Kelajak avlodning salomatligi oilaviy xotirjamlikning asosi.

Sog‘lom farzand sog‘lom onadan dunyoga keladi. Yoshlarda sog‘lom va ahil oila qurish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga intilishni rag‘batlantirishdek ezgu ishlar zamirida, avvalo, barkamol avlodni voyagaetkazishdek ezgu maqsad mujassamdir. Zero, muhtaram Prezidentimiz aytganlariday: "Oila sog‘lom ekan – jamiyat mustahkam, jamiyat mustahkam ekan – mamlakat barqarordir!”

M. Yoqubova
dle 10.2 скачать , Быстрый торрент трекер КиноСвин рунета

Ўхшаш янгиликлар:

Noqonuniy ish — keltirar tashvish (litsenziyasiz faoliyat ko’rsatayotgan avtomobil haydovchilariga nisbatan ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida)

Noqonuniy ish — keltirar tashvish (litsenziyasiz faoliyat ko’rsatayotgan avtomobil haydovchilariga nisbatan ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida)
Bugungi kunda transport vositalari ko‘payib, aholiga transport xizmati ko‘rsatish sifati tobora yaxshilanayapti. Ammo, aholiga transport xizmati ko‘rsatishni ixtiyor etgan ayrim tadbirkorlar

Matbuot anjumani sog‘lom ona va sog‘lom bola tamoyilini qaror topshirishga bag‘ishlandi

Matbuot anjumani sog‘lom ona va sog‘lom bola tamoyilini qaror topshirishga bag‘ishlandi
2015 yil 15 iyul kuni viloyat hokimligida "Sog‘lom ona – sog‘lom farzand” tamoyiliga muvofiq oila salomatligini, onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish, oilada tibbiy

Avval sevishgan edi, endi ajrashishganmi?..

Avval sevishgan edi, endi ajrashishganmi?..
— Eshitdingizmi, qo‘shnimiz Anziratxonning kelini ko‘ch-ko‘ronini olib ketganmish. — Ie, bu nima deganingiz, Faridaxon, hali kelinchakning «chilla»si ham chiqqani yo‘q-ku, nega ketadi? — dedi