12 мая 2016

Kitob isi

Savod va savodsizlik o‘rtasi bir qadam. O‘qimishli kitobda o‘qiganini gapiradi. O‘qimishsiz esa quloqlari eshitganini. Zero, ko‘zlar o‘zlarga, quloqlar boshqalarga ishonadilar. Demak, o‘qimishli bo‘lish uchun kitob varaqlab turish kerak. Uning uchun yo kitob do‘koniga yoki kutubxonaga tashrif buyurish zarurati tug‘iladi.

 Kitob isi

 Xalqaro kutubxonalar assotsiatsiyalari va tashkilotlari fedaratsiyasining ma'lumotlariga qaraganda, Kurrai zaminda 570 mingga yaqin kutubxona faoliyat yuritmoqda. O‘z navbatida, mazkur muassasalarda 20 milliarddan ziyod kitob saqlanadi. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasining bosma fondi esa 6632098 nusxadan iborat. 2014 yilning yakunlariga ko‘ra, kutubxonaning foydalanuvchilari soni 96639 nafarni tashkil etgan. Payqaganingizdek, yuz mingga yaqin inson o‘qimishli bo‘lish ilinjida kitob mutolaasi uchun kutubxonaga yo‘l olgan.

 Mutolaaning foydali tomoni haqida og‘iz ochilsa, so‘z boyligini oshirishi, kishilar bilan muloqotga kirishishda yordam berishi, xotirani mustahkamlashi kabi sabablar takror-takror yangrayveradi. F.Janlisning fikricha, kitob o‘qish bilan band insonlar hamisha televizor qarshisida o‘tirishdan charchamaydiganlarni boshqaradi. Chunki o‘nta kitobni o‘qib ham aqlli bo‘lish mumkin, biroq o‘sha o‘nta durdona asarni qidirib topish yo‘lida minglab nashrlarni ko‘zdan kechirish lozim. Mutaxassislarning oxirgi izlanishlari shuni ko‘rsatdiki, bora-bora dori-darmon yordamida davolash "eski usul”ga aylanib, o‘z o‘rnini musiqa, kitob, kulguga bo‘shatib beradi. Hozircha kitoblar mutolaasi depressiya va boshqa og‘ir ruhiy muammolarning ajoyib yechimi ekanligi isbotlanib ulgurdi. Hatto, xorijlik ayrim shifokorlar allaqachon bemorlarni birinchi bo‘lib, kutubxonaga, so‘ngra dorixonaga yuboryapti. O‘ylab qaralsa, kitob mutolaasiga ixlos qo‘yishga sabablar yetarli. Ammo nega metroda odamlarning qo‘lida kitob emas, telefon va undagi poezd ustida sakrab yurgan bezori bola? Nega kinoteatrda yangi film namoyishi boshlansa, albatta, uni ko‘rishga oshiquvchi yoshlar oyda bir bora kitob do‘koniga qadam ranjida qilmaydi? Nega mutaxassis "Alpomish” dostonidagi Alpomish haqida so‘z yurita turib, "… bobosidan qolgan 14 botmonli ketmonni ko‘targan…” deyishi kerak? O‘qimishsizlikning yorqin ko‘rinishi emasmi, bu?

 Kitob isi

 Agar qizlar kitob o‘qimagan yigitlarga turmushga chiqmasa, agar ko‘proq kitob o‘qigan insonlar xaridlarda turna qator navbatlarda turmasa, agar ko‘proq o‘qigan inson ko‘proq maosh olsa… Bunday olib qaralsa, buni kitob o‘qimasdan ham eplash mumkin, to‘g‘rimi? Yaxshi kitob targ‘iboti qandaydir majburiylikdan yiroqda. Qo‘ldan kelsa, sevgan yoringizning tug‘ilgan kuniga ulkan yumshoq o‘yinchoq – ayiq emas, bir sumka kitob sovg‘a qiling. Kitobdan yaxshi sovg‘a bormi, axir. Qo‘ldan kelsa, ma'lum muddatga "internet akaning” "jiyani "Gugl”ni tinch qo‘yib, kerakli ma'lumotlarni kitobdan qidirib ko‘ring. Yoki dangasalikni "vaqt yo‘qotmaslik” niqobiga o‘rash osonroqmi? Eng og‘riqli nuqta shundaki, bugun barcha narsaga pul topamiz. Hatto o‘zimizdan xushbo‘y hid taralib turishi uchun cho‘ntagimizda oxirgi pulni berishga tayyormiz. Biroq kitob xaridiga gal yetganida, negadir buning iloji yo‘qdek. Har qalay, atigi ikki kun gazli ichimlik ichishdan bosh tortgan inson bitta o‘qishli kitobli sotib oladi. Har qalay, yozda to‘rtta muzqaymoq, qishda to‘rtta kofe ichmasa ham hyech kim xafa bo‘lmaydi. Yo‘q, deganda, yaqinlaringizdan "qarz” oling. Fransuz adabiy tanqidchisi Anatol Frans shunday degan: "Kitoblaringizni hech kimga bera ko‘rmang, yo‘qsa, ularni boshqa ko‘rmaysiz. Mening kutubxonamda boshqalardan o‘qishga olgan kitoblarim qolgan, xolos”. Hozirgi kunda dunyoning ayrim kutubxonalaridagi kitoblar zanjirlab qo‘yilgan. Nega? Chunki uning ishqibozi ko‘p. Aytishlaricha, to‘rt narsaning o‘g‘risi bo‘lmaydi. Shu qatori kitobning ham. Nima uchun? Chunki uning foydasi ko‘p.

Go‘dak isi. Non isi. Inson uchun qadrli islar orasida so‘zsiz kitob isi mavjudligini aksariyat kitobxonlar inkor etmasalar kerak. U ham xuddi go‘dakdek qalbga quvonch bag‘ishlaydi. Nondek kuch beradi. O‘sha isni internetdan topa olarmikansiz? Bugun soat va daqiqalarni ham ortda qoldirib, soniyalar sayin yangilanib borayotgan tezkor zamonda bir tugmacha orqali olam-olam ma'lumotga ega bo‘lish mumkinligini inkor etmayman. Biroq bir narsa aniq: hech narsa insonning tom ma'nodagi qadrdoniga aylangan, zakosini yuksaltirgan kitobchalik qadrdon bo‘la olmaydi. Hissiz kompyuterning qudrati shu yerda nihoyasiga yetadi.

 Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi. Olmon adibi Hyerman Hyessening ta'biri bilan aytganda, hayot qisqa, uning poyonida hech kimdan o‘qilgan kitoblar soni so‘ralmaydi. Shunday ekan, kitob o‘qish shartmi? Nodonlar davrasida o‘tirgandan ko‘ra kitobdan taskin topgan afzalroq, menimcha. O‘qimishli bo‘lish uchun kitob o‘qish kerak. Yana shuni unutmang-ki, Qorbobo hech qachon qopini to‘ldirib, sovg‘aga kitob tashlab ketmaydi…

 -Har bir inson kitob o‘qimaslik huquqiga ega (Xalqaro kitob o‘quvchilar Xartiyasining birinchi bandi)

- Kitoblar hech qachon kitobxondan qochmagan, kitoblardan qochib yurganlar bor…

 Ulug‘bek RAHMONQULOV

 


dle 10.2 скачать , Быстрый торрент трекер КиноСвин рунета

Ўхшаш янгиликлар:

“Toshkentning tabarruk ziyoratgohlari” nomli kitob nashrdan chiqdi

“Toshkentning tabarruk ziyoratgohlari” nomli kitob nashrdan chiqdi
"Navro‘z” nashriyoti tomonidan joriy yilda "Toshkentning tabarruk ziyoratgohlari” deb nomlangan kitob nashrdan chiqdi,deb yozadi"O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi matbuot xizmati. Ushbu kitob

7 декабрь дам олиш куни деб эълон қилинди

7 декабрь дам олиш куни деб эълон қилинди
5 декабрь шанба дам олиш куни 7 декабрь душанба кунига кўчирилди.  

«Kitob beminnat ustoz, benazir murabbiydir» shiori ostida Kitob bayrami o‘tkazildi

«Kitob beminnat ustoz, benazir murabbiydir» shiori ostida Kitob bayrami o‘tkazildi
2015 yil 28 may kuni Jizzax shahridagi «Yoshlar shaharchasi»da «Kitob beminnat ustoz, benazir murabbiydir» shiori ostida Kitob bayrami o‘tkazildi.